@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !
? Reklama xizmati: @Inline_reklama
? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot
Last updated 5 months, 1 week ago
«Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)
©️ @AJK_GROUPUZ
Last updated 1 year, 9 months ago
Ayollarimiz uchun ochilgan "AYOLLAR - kanali" ga xush kelibsiz!
Murojaat uchun - @Ayollar_ads
Last updated 1 year, 9 months ago
"Siz hali bu xalqni bilmas ekansiz. U homiylikka muhtoj emas... U sizning muruvvatingizsiz ham buyukdir""Momoqo'shiq"
Nazar Eshonqul
📚 "Yosh kitobxon" tanlovi ro'yxatida Nazar Eshonqulning "Momoqo'shiq" qissasi ham o'qishga kiritilgan. Umuman olganda esa Nazar Eshonqulni o'qish maza, muallifning har bir yozgani, har bir tasviri, har bir yetkazmoqchi bo'lgan fikri oliy tafakkur mahsuli hisoblanadi.
Yozuvchi Nazar Eshonqulni "Kitob bandasi" kitobi sabab yaxshiroq taniganman, muallif darajasini yaxshiroq his qilganman. Shundan beri ushbu insonga muhabbatim bo'lakcha. Adabiyot darg'alaridan, ayni damda markaziy osiyodagi tengi yo'q yozuvchi desam hech ham mubolag'a qilmagan bo'laman.
"Momoqo'shiq" qissasi voqealari paxtazorda paxta terim vaqtida bo'lib o'tadi. Sovxozdan hasharchilar, san'at xodimlari xususan dramaturglar, aktyorlar, xonandalar, teatr xodimlari hamda yozuvchi Shamsi Saloh ham keladi. Shamsi Saloh ya'ni Shamsiddin bosh qahramonlardan biri hamda u san'at odami, ijodni hamma narsadan ustun ko'radi.
🎵 Shamsi Saloh bilan birga Ismoil Ali va yana ikki sherik daraxtzordan o'tish payti bir qiz nolasiga duch kelishadi. U Muazzam edi. Endi bu jarayondagi tasvirni asti qo'yaverasiz, shedevr. O'qing shuning uchun. Xo'p, shundan so'ng Shamsi Saloh badiiy mahoratini ishga solgan holda Muazzamni "fusunkor" san'at yo'liga jimjimador chorlovlar orqali torta boshlaydi. Lekin Muazzam hali nima xohlashini o'zi ham aniq bilmasdi, shu sababli u boshidan oxiriga qadar ikki o't orasida qoladi. Uning ovozi shirali edi. U yo oilasini yo ijodni tanlash kerak edi. Oxirida Muazzamning ohu nolasi shunchaki bir nola bo'lib chiqadi. Eri Otaqulga vafodorlik va muhabbatida sobit qoladi. O'tkinchi maqsadlari uchun oilasini, asl boyligini qo'ldan boy bermaydi. Qissa shu darajada mahorat bilan yozilganki, o'quvchi Shamsi Salohning fikrlariga yon bosib kelib turadi va yakunda yana bir esankirab o'ziga kelib oladi. Tasvir o'sha muhitni va odamlarni hayotdagidek, hayotiydek his etishga undaydi, o'z og'ushiga, oqimiga tortib ketadi. Qissa orqali judayam yuqori badiiy mahorat va muhim mazmun yetkazilgan.
❤️🔥 Muallif ota-bobolardan bizgacha sayqal topib yetib kelgan bir xil turmush-tarzi, qayoqdagi bir san'atdan ancha ustun ekanini anglata olgan.
Qissadan menga eng yoqqan iqtibos va menimcha ham asl urg'u berilgan iqtibos: Otaqulning xatida keladi: “Siz hali bu xalqni bilmas ekansiz. U homiylikka muhtoj emas… U sizning muruvvatingizsiz ham buyukdir” Qissa shu jumla mohiyatini o'quvchiga anglatish uchun yozilgan deb o'yladim, ba'zan shunday, bir jumla uchun, bir qisqa fikr uchun uni atrofida ko'pgina voqea-hodisalar o'ylab topiladi.
🔥 Qissani o'qishni barcha-barchaga tavsiya qilaman va maroqli mutolaa tilayman. Zero boshqa hech bir yozuvchi Nazar Eshonqul kabi jo'shqin va ta'sirchan tasvirga ega emas.
Tanlov g'oliblariga kitoblari yetkazilyapti. Biroz kech qolgani rost. Qolganlarga ham tez orada yetib boradi. Kutinglar. Bizga ham vaqt o'tkazib yurish yoqmaydi.
Hozircha 16 ta qatnashchiga kitoblar ravona bo'ldi. Yana 10 tacha kitobxon qolgan :), ularga ham shu haftadan qolmaydi.
P.s: Ertaga bo'lsa bir ajoyib yangilik aytaman.
"Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin"
"Odam bo'lish qiyin"
O'lmas Umarbekov
📚 Ushbu kitob nomi juda mashhur, shunga yarasha kitob orqali muallif yetkazgan ma'no ham dolzarb va har bir insonning qalbini o'rtaydi. Qo'rqmasdan aytaman, bu romanni barcha turkiy xalqlar o'qishi shart, bo'lib ham yoshlar o'qishi zarur.
Roman Toshkentdagi maktabni oltin medalga bitirgan, olim bo'lish orzusidagi Abdullaning hikoyasi bilan boshlanadi. U buvisini ko'rgani Qo'qonga kelganida, qishloqdagi Gulchehra ismli yoshlikdagi qiz bola o'rtog'ini uchratib qoladi va unga bu safar oshiq bo'lib qoladi. Gulchehra ham Abdullani sevib qoladi. Ular orasida juda go'zal muhabbat kechinmalari o'tadi. Ko'p vaqt o'tmay ular institutga topshirishlari zarur bo'lib, Abdulla ustozining qizi Sayyora bilan ba'zi sabablarga ko'ra Moskvaga o'qishga ketishga to'g'ri keladi. Gulchehra esa qishloqda qoladi va Politex oliygohiga, sirtqiga kirib shu yerda qoladi. O'z qishlog'i Mingbuloqni maketini qila boshlaydi, chunki Gulchehra yoshligidan shuni orzu qilgandi. Yoshlikda Gulchehra me'mor bo'lishni, Abdulla esa olim bo'lishni orzu qilishardi, ularning niyatlari sekin asta amalga oshib borardi.
🫀Bir zamon muhabbatning qing'ir ko'chalariga kirib qolgan Gulchehra va Abdulla orada bir muncha vaqtga ayro ham qolishdi va o'z ishlari bilan band bo'lib ketadilar. Lekin bu yerda Abdullaning boshqasi bilan ya'ni Sayyora bilan oshiqlik davri va turli manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kela boshlagan edi. Ayni vaqtda esa Gulchehra ko'pgina yutuqlarga erishib, Mingbuloqda uning maketi asosida qurilish boshlangandi. Toshkentda esa "Yoshlik" mehmonxonasi ham uning makati asosida qurilishi tasdiqlangandi. Shunday kunlardan bir kun, bir shum xabar hammasini unga ta'titmay qo'yadi, u ham bo'lsa Gulchehraning homiladorligi edi.
Gulchehra juda ko'p marotaba Abdullaga telegrammalar yuboradi, kutadi, uni keladi deb o'ylaydi. Undan hattoki bir dona xat ham kelmaydi. Ko'p vaqt o'tib ikki shum xabar uni parokanda qilayozadi. Biri Abdulladan kelgan xat bo'lib unda, kerakli joyga murojaat qilishi aytilgan bo'lsa, keyingi xabar Abdullaning onasi Shahodat ayadan to'g'ridan to'g'ri Gulchehraga aytiladi. To'y. Abdullaning Sayyoraga uylanayotgani xabari. Ha, Gulchehra Toshkentda ham abort uchun va shu bilan birgalikda "Yoshlik" mehmonxonasi tanlovi mukofotini olish uchun ham kelgan edi. Shu kechasi "Yoshlik" mehmonxonasi 5-qavatidan baxtsiz hodisa sabab yoki o'z joniga qasd qilib, yuqoridan qulab tushgan holatida vafot etadi.
🔥 Abdulla o'zining nafs xohishlari, kelajak manfaatlari uchun Gulchehradan yuz o'girgandi. U Gulchehrani sevar edi, lekin uni boshqa narsalarga almashdi, shu uchun ham asarda quyidagi jumla yangraydi: "Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin"
P.s: Shu o'rinda bir mulohaza ham bor. Haqiqatda ham ming olimdan bir obid doim afzal bo'lgan. Shayton ham olim bo'lgan. Oshiq bo'la olmagan. Shayton ham oshiq bo'lganida edi, majoziy ma'noda odam bo'lgan bo'lardi. Domla Hindistoniyni bir gaplari bo'lar edi: "Madrasaga yuzta talaba kiradi, o'ntasi olim bo'ladi, bittasi odam bo'ladi"
Armonli dunyo ekan. Nima ham qilardik, nasiba. Ishtirokim yomon bo'lmadi, aksar qatnashchilardan yaxshi qatnashdim. Lekin kuchli hayajon bor edi. Bilet tanlashda ham qo'lim boshqasiga ketsa deng, menda intuitsiya kuchli, buni avval aytmagandim. Xullas, tanlashda va javob berishda biroz shoshilib qoldim ham. Kelasi yil, balki, yangi ro'yxat o'zimga ma'qul kelsa qatnasharman.
Lekin tadbirda bir ajoyib qizcha bilan gaplashib qoldim, ular ushbu sahifamni kuzatib borarkanlar, meni shunday kitobxonlar kuzatayotganidan quvondim rosti. Ismlari Jamila, ular 10-14 yosh toifasida respublika bosqichiga chiqdilar. Boya suhbatlashib tabriklash ham yodimdan ko'tarilibdi. Tabriklayman, respublika bosqichiga o'tgan hammani tabriklayman.
Ertaga "Yosh kitobxon" tanlovining viloyat bosqichi bo'lib o'tadi, menga omad tilanglar 😊
Hozirgacha 3 ta bosqichdan o'tdim. Endigi bosqichlar qiyin ancha. Viloyat bosqichidan o'tib olsam, respublika bosqichi qoladi va respublika bosqichidan ham g'alaba qozonib, yuzim yorug' bo'lib o'tsam, armonim yo'q edi.
"Muqaddima" asarini o'qishga bizga hali bor dedim, endi uni o'rnini bosuvchi biror kitob tavsiya qilib ketsam, to'g'ri bo'lsa kerak.
Marhamat, tanishining Ibn Haldun darajasidagi alloma Ashraf Aliy Tahonaviy hazratlarining suhbatlari asosida bitilgan "Majolisi Hakimul umma" asari. Bu kitobda ummatning hakimi, ya'ni ummatni da'volovchisi maqomini olgan buyuk hind allomasi Ashraf Aliy Tahonaviyning suhbatlari, hayotlik davomida qilgan ma'ruza va pand-nasihatlari matn shaklida jam qilingan.
📚 Asar musannifi esa Tahonaviy hazratlarining katta shogirdlaridan biri Muhammad Shafe Usmoniy hazratlari bo'lib, musannif shogirdlik davrlarida ustozlari Tahonaviydan o'rgangan hamda ulardan qayd qilib olgan barcha yozishmalarini to'plab ushbu mo'jaz kitobni ta'lif etganlar. Xotiram pand bermayotgan bo'lsa xuddi shu zaylda yozilgan boshqa bir besh to'mlik kitob ham bor bo'lib, u ham Ashraf Aliy Tahonaviy suhbatlari asosida yozilgan.
"Majolisi hakimul umma" kitobi dinimizdagi ko'plab chigal masalalarga sodda tilda sodda yechimlarni bergani bilan, juda ko'pchilik e'tibor bermaydigan nozik masalalarni oson yoritgani bilan hamda islomiy odoblar doirasida hech eshitmagan odob-axloq qoidalarini o'rgatishi bilan boshqa kitoblardan ajralib turadi. Yoritilgan masalar esa o'z o'rnida shunaqangi halimlik, shunaqangi tavoze va hikmat bilan aytiladiki, o'quvchi o'qish jarayonining o'zidan huzur tuyadi, iymoni bir qadar chayinganini his etadi. Asardagi hikmatlarga kelsak, o'quvchi bu hikmatlarni o'qish jarayonida hayratdan baqirmaydi xolos, hikmatlar shu darajada aqlni shoshirib qo'yadi.
😊 Ammo bu kabi asarlar o'quvchisi biroz kam, kam emas talaygina, faqat biroz chegaralangan doirada, aniqroq aytsam rahmatli Yorqinjon domla muxlislari hamda hind allomalarini yaxshi tanigan o'quvchilar men aytayotgan asarni har yili o'qiydi. Men shaxsan o'zim "Majolisi Hakimul umma" asarini har yili bir marotaba o'qimasam ko'nglim joyiga tushmaydi. Ushbu asar 500 yillik ilmni beradi deya olmasam ham o'quvchisini aksar dindor odamlardan ko'ra olimroq, odobliroq, obidroq qilib qo'yadi. Sizlarga ham tavsiya qilaman va yoqimli mutolaa tilayman.
❤️🔥 "Agarda seni yozuvchi sevsa - sen hech qachon o'lmaysan"
Ko'p ijodkorlarni sevgida omadi chopmaganmi yoki menga shunaqa tuyulyaptimikan, bilmadim.
Vinsent Van Gog hayoti haqida yozilgan "Hayotga tashnalik" kitobini ham o'qib, Vinsentning sevgani unga nasib qilmaganini o'qib o'ylanib qolgandim. Kafkaning Milena bilan munosabati ham shunday. Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy hattoki Gyoteda ham shunday. O'shanda ijodkorlar sevganiga hech erishganmikan deb o'ylanib qolgandim.
✍ Yoki introvert odamlarni sevish qiyinmi? Deyarli barcha ijodkorlar introvert va shuni hisobiga ham gap bu yoqdadir deb o'ylanib qoldim, yana bilmadim.
Aksar buyuk ijodkorlarning sevgi bobida omadi kelmagan bo'lsada, ular hayotini mazmunini ijodda deb bilib ajoyib durdonalar qoldirganlar va bu ijod namunalari hali hamon ma'naviy hayotimizni zavqqa boyitib kelmoqda.
🔥 Buyuk ijodkorlarning ijodlari yashar ekan, ijodkor o'lgan hisoblanmaydi. Bir vaqtlar 50 frank oylikka yashagan Vinsentning ayni damdagi eng qimmat surati 175 million dollarga baholanib turibdi. Kafka, Pushkin va Gyote nomlari ostida oliygoh, tadqiqot markazlari va adabiy mukofotlar mavjud. Shunday ekan, ko'proq o'qishimiz va ko'proq harakat qilishimiz, o'tkinchi narsalarga emas, asl qiymatga ega va nafi tegadigan ishlarga e'tibor qaratishimiz, shular bilan band bo'lishimiz kerak.
P.s: Ijodkor esa ijodkorligi tufayli hayotida sevgiga aniq duch keladi, ijodkor sevmay iloji yo'q ham, unga erishmasligi esa haligacha men uchun jumboq. Sizlar javobini bilsanglar izohlarda aytinglar.
@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !
? Reklama xizmati: @Inline_reklama
? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot
Last updated 5 months, 1 week ago
«Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)
©️ @AJK_GROUPUZ
Last updated 1 year, 9 months ago
Ayollarimiz uchun ochilgan "AYOLLAR - kanali" ga xush kelibsiz!
Murojaat uchun - @Ayollar_ads
Last updated 1 year, 9 months ago