Sirojiddin Sotvoldiyev sahifasi

Description
Ushbu sahifada jurnalist, muharrir, arabshunos, tarjimon va manbashunos sifatidagi shaxsiy qaydlar berib boriladi.
Advertising
We recommend to visit

- Ta'limga oid eng tezkor xabar va yangiliklar!

? @DTMreklama

Ushbu kanalda abituriyentlar uchun edu.uz dtm.uz xushnudbek.uz kabi taʼlimga oid rasmiy manbalardagi xabarlar sodda tilda yoritiladi.

http://instagram.com/edu.uz

Last updated 1 month, 3 weeks ago

Воқеа ва ҳодисага гувоҳ бўлдингизми ?
бизга юборинг ? @Sunnatik_Uz

Everyday Interesting, Videos and Photos!

Реклама: +998999090909 @KDREKLAMA

+998998750505 @KDGROUP_UZ

?643092-сонли гувоҳнома асосида фаолият юритамиз

Last updated 1 week, 6 days ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 3 months ago

4 months, 1 week ago
[#hayotiy](?q=%23hayotiy)

#hayotiy

Qishloqdamiz. Tomorqani oʻt bosibdi. Qoʻlimga ketmon olib chopishga tushdim. Bir pasdan keyin yonimga tesha koʻtarib uch yashar oʻgʻlim qoʻshildi.
– Dada, men ham ish bababa (bababa "qilaman" soʻzining oʻgʻlim lugʻatidagi ekvivalenti?).
– Ha, xoʻp, keling.

Chopamiz. Qoʻrgʻonda bir tupgina olmamiz bor. Shuni oldiga yetganimizda shudgorga toʻkilgan olmalardan olib, artib oʻgʻlimga tutaman. Yeydi. Yarmini. Qolgan yarmini nariroqdagi chumoli uyasi yoniga tashlab keladi.

Dam olamiz. Keyin yana ishga. Hovlida asosan bodom koʻchatlari ekilgan. Chopyapmiz, chopyapmiz. Oʻgʻlim kutgan narsa chiqmayapti. Oxiri soʻraydi:

– Dada, olma qani? Nimaga chiqmayapti?

Biroz tin olaman. Javobga shoshilmayman. Axir bu lahzalarga 30 yil tayyorlanganman ?. Keyin donishmandlik bilan:
– Oʻgʻlim, bular bodom daraxtlari. Olmaning tagiga esa faqat olma tushadi...

Shunday dedim-u, oʻzim ham sergak tortdim. Chindan, olmaning tagiga olma tushar ekan-da...?

https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

4 months, 1 week ago
[#kun\_handasi](?q=%23kun_handasi)

#kun_handasi

Ona (qoʻlida oyoq kiyim):
– Kel buyoqqa, oʻgʻlim, senga dars beraman.
Oʻgʻil (koʻngli bir gʻashlikni sezib):
– Masofaviy oʻqita qoling...

???

https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

8 months, 2 weeks ago
[#maqol](?q=%23maqol) [#matal](?q=%23matal)

#maqol #matal

Yaxshi qiz mahallasidan ortmaydi ?

Bugun Facebookda bir arab maqolini oʻqib qoldim: "زيتنا في دقيقنا" ("Yogʻimiz unimizda"). Jazoirda aynan shu shaklda ishlatilsa, boshqa arab davlatlarida "زيتنا في بيتنا" ("Yogʻimiz uyimizda") deb qoʻllanilar ekan.

Bizda ushbu maqolga muqobil bormi?! Ha, "Yaxshi qiz mahallasidan ortmaydi", deydi dono xalqimiz. Ya'ni yogʻimiz oʻzimizga qadrli, uni begonalarga ravo koʻrolmaymiz degandek gap.

Qiziq, juda ham qiziq...?
https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

8 months, 4 weeks ago

Siz qanday kitobxonsiz?

  1. Asalari kitobxon ??
    القارئ النحلة
    Qattiq intizomli kitobxon. Mutolaa vaqtini qatʼiy belgilab oladi. Oʻqiganlari yuzasidan tartibli va tushunarli xulosalar qayd etadi. Doimo keyingi oʻqiydigan kitobining nomini biladi.

  2. Pingvin kitobxon ??
    القارئ البطريق
    Mavsumiy kitobxon boʻlib, asosan qish faslida mutolaani koʻpaytiradi. Oʻqish uchun unga alohida sharoit-muhit zarur: issiq ichimlik bilan koʻrpa-adyolga oʻranib, karavotida soatlab oʻqishi mumkin.

  3. Yalqov kitobxon ??
    القارئ الكسلان
    Kitobni bir oʻtirishda oʻqib tugatishi amri mahol. Bitta kitobga oylab vaqt sarflaydi va yana bir necha oy keyingi kitobni tanlaydi.

  4. Boyoʻgʻli kitobxon ??
    القارئ البومة
    Dono kitobxon boʻlib, kuchli tahlil qobiliyatiga ega va kitobni diqqat bilan oʻqiydi. Unda tanqidiy fikrlar har doim mavjud. Kitob tanlashda juda talabchan.

  5. Qurt kitobxon ??
    القارئ الدودة
    Ochkoʻz kitobxon boʻlib, qoʻliga tushgan kitobki, oʻqiyveradi. Kitob sotib olishdan sira toʻxtamaydi. Kitoblari bilan vaqt oʻtkazish uchun dunyodagi hamma narsadan voz kecha oladi.

https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

Fikr-mulohazalar uchun:
https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev_sahifasi

9 months, 1 week ago
9 months, 1 week ago

(Darhaqiqat, odam jasadida bir parcha go‘sht bor: agar u salomat bo‘lsa, butun jasad salomat bo‘ladi. Agar u fasodga uchrasa, butun jasad fasodga uchraydi. Ogoh bo‘lingki, bu qalbdir).

(davomi bor...)
https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

Telegram

Sirojiddin Sotvoldiyev sahifasi

Ushbu sahifada jurnalist, muharrir, arabshunos, tarjimon va manbashunos sifatidagi shaxsiy qaydlar berib boriladi.

(**Darhaqiqat, odam jasadida bir parcha go‘sht bor: agar u salomat bo‘lsa, butun jasad salomat bo‘ladi. Agar u fasodga uchrasa, butun …
9 months, 1 week ago

#tarjima
#mutolaa #shaxsiy_rivojlanish
#yosh_yigitning_kechinmalari
#ahmad_shuqayriy

1-QISM
Qalb va ruhiyat
kechinmalari

Qalbim

Qalbim… So‘zlarimni jon quloq bo‘lib tingla! Allohga qasamki, seni yaxshi ko‘rganimdan bularni aytyapman. Saodatim siri ham, shaqovatim sababi ham senda ekanini bilganim uchun bularni aytyapman. Rasoligimning ham, rasvoligimning ham masdari o‘zing. Allohga yaqinligim siri ham, U Zotdan yiroqligim sababi ham senda. Menga quloq sol, bu gaplarim avvalo o‘zimga va senga ham naf bersa, zora.

Vallohi, haddan tashqari o‘zgaruvchanliging meni holdan toydirdi: goh farishtalar ila Illiyyin uzra safo va ruhoniyat aro suhbat qurasan, goh shaytonlar bilan Asfalasofiliynda gunoh va shaqovat ichra birga yurasan.

Qalbim, bilaman – ko‘p gunoh qildim va har bir gunohim senda qora dog‘ qoldirib, g‘aflatingga sababchi bo‘ldi. Lekin bu qoralikni o‘chirish uchun biror yo‘l yo‘qmikan? “Allohga tavba qil”, – deysan. Tavba qildim, tavba qildim, tavba qildim. Lekin shunda ham senda mahv bo‘lishni istamayotgan gunoh asorati qolmoqda, ichingda ko‘chishni xohlamayotgan o‘tmishning nasibasi turibdi. Buning yechimi bormi? Alamli gunohlar asorati-yu qora o‘tmish ko‘lankasini sendan qanday quvib chiqaray?

Qalbim, qilayotgan har ishimda dunyoga nazar solishingdan ne ma’no? Biror amalim yo‘qki, u sababli dunyo matohidan nasiba kutmagan bo‘lsam, hatto yaratilganimdan buyon Allohning yuzi uchun birorta xolis amal qilganimga ham shubhalanib qoldim. Meni qutqar! Riyo va dunyoga muhabbat barcha hasanotlarni to‘zon kabi sochib yuboruvchi sabablardan ekanini bilmaysanmi?

Qalbim, Xoliqdan g‘ofil qolib, maxluqotlarga ko‘proq bog‘lanib qolganing meni abgor qildi. Meni faqat Alloh uchun yuzlanadigan, biror maxluqot ahamiyat bermaydigan, birovning maqtovi qiymatga ega bo‘lmagan, faqat Allohning yolg‘iz o‘ziga qaraladigan biror ishga yo‘llab qo‘ymaysanmi? Agar bu talabimni ijobat qilmasang, Alloh shakllar-u amallarga emas, mana shu amallar ortidagi qalblarga nazar tashlaydigan kunda meni ham, o‘zingni ham halok qilasan. Senga nazar tashlaganda esa, ey qalbim, bajargan har bir amaling ortida dunyoga qiziqishni ko‘radi. Agar sen bilan men bu egriligimizni to‘g‘rilaydigan sulhga kelmasak, Allohga qasamki, mana shu bizni kutayotgan abadiy shaqovatning ayni o‘zidir.

Qalbim, sendan dunyo muhabbatini quvib chiqarishni orzu qilaman. Lekin qanday? Holbuki, dunyo barcha tomonlaring-u burchaklaringni egallab olgan. Dunyo va uning matohi ozuqang va sharobingga aylangan. Uni sendan qanday quvib chiqaray? Menga yo‘l ko‘rsat, yo‘limni yo‘qotdim. Men endi hech nimadan umid qilmay qo‘ydim. Menga yo‘l ko‘rsat, dunyo meni charchatdi, unga qiziqish meni holdan toydirdi. Menga yo‘l ko‘rsat. Alloh senga tashrif buyurishiga mushtoqman.

Qalbim, senga va’da beraman: agar Allohga muxlis bo‘lsang, seni hech qachon ko‘rmagan ne’matlaring bilan siylayman.

Qalbim, senga va’da beraman: agar Allohga muhabbat qo‘ysang, tushingda ham ko‘rmagan xursandchilikni senga ko‘rsataman.

Qalbim, senga va’da beraman: agar dunyoni o‘zingdan chiqarib tashlasang, keyin istamasang-da dunyoni poyingga otaman.

Qalbim, va’da beraman, va’da beraman, va’da beraman… Agar mening so‘zimga ishonmasang, seni va meni yaratgan Zot Allohning so‘ziga ishon…. U Zot subhanahuning va’dasi haqdir.

Qalbim, senga mana bu duoni hadya qilaman, shoyad, Alloh taolo o‘rtamizdagi begonalashishni isloh qilsa!
اللهم اهد قلبي إلى حبك وحب رسولك، اللهم اجعل الدنيا في يدي ولا تجعلها في قلبي، اللهم إني أستودعك قلبي، اللهم أصلح قلبي، اللهم طهر قلبي، اللهم قوم قلبي، اللهم نق قلبي من الذنوب والخطايا كما ينقى الثوب الأبيض من الدنس.
Allohim, qalbimni O‘zingni va Rasulingni sevishga hidoyat qil! Allohim, dunyoni qo‘llarimda hozir qilgin-u, qalbimda qilma! Allohim, Senga qalbimni topshirdim! Allohim, qalbimni isloh qil! Allohim, qalbimni pokla! Allohim, qalbimni to‘g‘ri qil! Allohim, oppoq kiyim kirlardan tozalanganidek, qalbimni xato va ma’siyatlardan tozala!

https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

Telegram

Sirojiddin Sotvoldiyev sahifasi

Ushbu sahifada jurnalist, muharrir, arabshunos, tarjimon va manbashunos sifatidagi shaxsiy qaydlar berib boriladi.

[#tarjima](?q=%23tarjima)
9 months, 1 week ago

"YOSH YIGITNING KECHINMALARI"
(muallif Ahmad Shuqayriy)
TARJIMONDAN

Hurmatli kitobxon, qo‘lingizdagi mo‘jaz asar muallifning chamasi 30 yoshlar atrofida qalbida, ong-u shuurida g’alayon ko‘tarib, so‘ng qog‘ozga to‘kilgan va oradan yillar o‘tib, diyorlar osha uning yoshiga yetib, xuddi u kabi kechinmalar to‘lqinida suzayotgan tarjimon qo‘liga tushgach, qayta tirilgan og‘riqlar, quvonchlar, tazarrular, nuktalar mevasidir.

“Yosh yigitning kechinmalari” ("خواطر شاب") saudiyalik jurnalist Ahmad Mozin Shuqayriy qalamiga mansub bo‘lib, muallif 1973-yil tavallud topgan. Boshlang’ich ta’limni Jidda shahrida, bakalavr va magistr darajalarini esa Amerika Qo‘shma Shtatlarida olgan (Kaliforniya universiteti). Bolaligida tish shifokori yoki biznesmen bo‘lishni orzu qilgan Ahmad menejment sohasi mutaxassisi bo‘lib yetishdi. Shu bilan birga volontyorlik faoliyatiga alohida muhabbati tufayli ommaviy axborot vositalarida, xususan, televideniyeda “Yalla shabab”, “Xovatir” kabi dasturlari orqali volontyorlik bilan shug‘ullandi.

Ahmad Shuqayriy kichik savdo firmasiga asos solib, avvaliga asosiy maqsadi firma faoliyatini kengaytirish va yanada rivojlantirishdangina iborat bo‘ldi. Ammo 11-sentabr voqealaridan keyin u uchun hammasi, hatto hayotdagi maqsadlari ham o‘zgarib ketdi. Ahmadning butun ong-shuurini “Yoshlarga din tushunchasini keng miqyosda va mo‘tadil shaklda yetkazish zarurati yuzaga kelibdi”, degan fikr egallab oldi.

Ahmad Shuqayriy o‘z hayotidagi muhim burilish nuqtalari qatorida namoz o‘qishni boshlash, Qur’on o‘qishga kirishish, chekishni tashlash, uylanish, “Yalla Shabab” teledasturini tayyorlash va “Xovatir” teleloyihasining boshlanishi kabi voqealarni sanar ekan, jumladan shunday deydi:
“1994-yil hayotimdagi eng muhim o‘zgarish yuz berdi. Allohning tavfiqi bilan namoz o‘qishga kirishdim. Haligacha ilk namozimni yaxshi eslayman, asr namozi edi. Uni uyda ado etdim. O‘sha vaqtlar Amerikada yashardim. Hayotimdagi ikkinchi muhim burilish nuqtasi esa 2000-yil mart oyida sodir bo‘ldi – chekish va ichishni tashladim. Buning uchun juda og‘ir ikki yil o‘tdi…”

2002-yildan esa saudiyalik yoshlar dunyoqarashini har tomonlama o‘stirishga qaratilgan “Yalla shabab” teledasturini boshlab yubordi.

(davomi bor...)
https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

Telegram

Sirojiddin Sotvoldiyev sahifasi

Ushbu sahifada jurnalist, muharrir, arabshunos, tarjimon va manbashunos sifatidagi shaxsiy qaydlar berib boriladi.

**"YOSH YIGITNING KECHINMALARI"**
9 months, 1 week ago
[#tarjima](?q=%23tarjima) [#shaxsiy\_rivojlanish](?q=%23shaxsiy_rivojlanish) [#mutolaa](?q=%23mutolaa)

#tarjima #shaxsiy_rivojlanish #mutolaa

Tarjima – murakkab jarayon. Bejiz uni asarni "qayta yozish" yoki "aynan aytish" deb ta'riflamaydilar. Ancha vaqt ilgari saudiyalik qalamkash Ahmad Shuqayriyning "خواطر شاب" ("Xovaatiru shaab") kitobini o'qib o'zbekchaga o'girishga kirishgan edim. Tarjimalarimni shu yerda e'lon qilishga qaror qildim.

?????
https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

9 months, 1 week ago
[#adabiy\_til](?q=%23adabiy_til) [#sheva](?q=%23sheva)

#adabiy_til #sheva

Taka olib bering!

Har bir tilning muayyan qonun-qoidalarga solingan "adabiy tili" bilan birga jonli muloqotda ishlatiladigan "haqiqiy" tili, ya'ni shevalari ham mavjud.

O'zbek adabiy tilida "yostiq" deb aytiladigan buyum nomi vodiyda "bolish", Xorazmda "taka" deyilishi hech ham ayb sanalmaydi.

Masalan, arab fus'hasi (adabiy)da yostiq "وسادة" ("wisaada") deyilgani bilan aksariyat lahja (sheva)larda uni "مخدة" ("muxodda") deb atashadi.

Hatto hazil aralashtirib, inson uxlaganda boshini (مخ) va yuz-yanog'ini (خدة) unga qo'yib dam olgani uchun shunaqa nomlangan, deya mutoyiba ham qilishadi arablar.

مخ + خدة = مخدة
?+?=?

**Eslatma!
Yostig'ingizga e'tiborli bo'ling! Juda katta va o'ta yumshoq bo'lsa, boshingiz aynan shu sababli ham og'riyotgan bo'lishi mumkin.

Burun pardevoridagi turli xil yallig'lanishlarning oldini olishni istasangiz, lo'la yostiqdan foydalaning.**

https://t.me/sirojiddin_sotvoldiev

We recommend to visit

- Ta'limga oid eng tezkor xabar va yangiliklar!

? @DTMreklama

Ushbu kanalda abituriyentlar uchun edu.uz dtm.uz xushnudbek.uz kabi taʼlimga oid rasmiy manbalardagi xabarlar sodda tilda yoritiladi.

http://instagram.com/edu.uz

Last updated 1 month, 3 weeks ago

Воқеа ва ҳодисага гувоҳ бўлдингизми ?
бизга юборинг ? @Sunnatik_Uz

Everyday Interesting, Videos and Photos!

Реклама: +998999090909 @KDREKLAMA

+998998750505 @KDGROUP_UZ

?643092-сонли гувоҳнома асосида фаолият юритамиз

Last updated 1 week, 6 days ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 3 months ago