Fikriyat.

Description
Post olinganda manba koʻrsatilsin.

https://t.me/Tafakkur_chizgilari
https://t.me/+eBnTEMe4-ShiNjMy
We recommend to visit

@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !

? Reklama xizmati: @Inline_reklama

? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot

Last updated 5 months, 2 weeks ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 9 months ago

Ayollarimiz uchun ochilgan "AYOLLAR - kanali" ga xush kelibsiz!

Murojaat uchun - @Ayollar_ads

Last updated 1 year, 9 months ago

2 months, 3 weeks ago

Jimjimador koʻringan har narsa eʼtiborimizni oʻziga ohanrabodek tortib oladi, u xoh kitob boʻlsin, xoh ijtimoiy gurunglar yoxud qandaydir moddiy buyum. Aslida bugun biz kuzatayotgan, muhokama qilayotgan, qiziqish bildirayotgan mavzu, moddiy ne'mat yoki odamlarning hayotimizga qandaydir arzirli ahamiyati yoʻq, ammo koʻngil rizoligi uchun biz bularning aksaridan voz kecholmaymiz.

Ammo tobora miqdorda oshib, ortib borayotgan mahsulotlarimiz diqqat va tafakkurimizni mavhum, mubham, abstraktlashtirib bormoqdaki, tasavvur olamimiz chinakam qobiliyatidan mahrumlashib, moddiy koʻrinish tus olmoqda. Bugun biz nimanidir real, joriy vaqt jarayonida his etolmaymiz. Nimaniki his etmoqchi boʻlsak, orada bir boʻshliq boʻladiki, uni allaqanday zamonaviy-moddiy mahsulotlar toʻldirib turadi. Va biz ushbu moddiy neʼmatlar linzasi aro dunyoga nazar tashlaymiz.

Bir muallifning har turli ijtimoiy mavzularga xoslangan ikkita kitobini tamomladim. Lekin negadir shu kunlarda fikr yuritishga ishtiyoq va gʻayratim yoʻq, shu darajadaki, oʻqigan narsalarim xususida mulohaza yuritishda layoqatsizlik zuhur etmoqda. Buning boisi balki yuqoridagi fikr dunyomizni qoplab olgan mubham tumanli pardadir.

Inson borki, jamiyatga xoslangan. Usiz mavjud boʻlolmaydi. Ungagina qaratilgan boʻladi, u bilangina nafas oladi, u bilangina yashay oladi. Shu nuqtayi nazardan hammamiz postlar yozsak, qandaydir tashqaridan ilinj va reaksiyadan umidlanamiz. Yozayotganimiz orqali munosabat oʻrganmoqni koʻzlaymiz. Kimlargadir qaratilgan iztirobli va qaygʻuli fikr, qarashlarimizni boshqalarga ulashib, yupanch izlaymiz.

Hech kimni mutlaqo, toʻliq tushunib boʻlmaydi. Xuddi shunday ularga tegishli kitoblar yoki yoziqlarni ham. Mavhumlashuv shu darajaga yetganki, endilikda bunday chalkash muhitdan biroz tin olish uchun oʻzimizni nimadadir jur'atli koʻrsatishga urinamiz.

Kitoblarga taqriz yozishga sira xushim yoʻq. Shu paytgacha qancha kitob oʻqigan boʻlsam, garchi, agar u badiiy boʻlsa, uning syujeti, maʼlumotlari, qahramonlari meni qiziqtirgan boʻlsa-da, ularni muallif koʻzda tutganidek tushunishga urinmaganman va shu tariqa ularni tasvirlashga harakat qilmaganman.

Kitoblar reallikning bir muqobili. Faqat undagi voqeliklarni reallashtirish koʻpincha savol ostida boʻladi. Nimanidir tasvirladingizmi, undan ta'sirlanasiz, nainki siz, balki boshqalarni ham oʻz fikriy yoʻnalishingiz aro olib yurasiz. Uning dunyosi shakliyatlarida oʻzingizning izingizni qoldirasiz.

Yuqorida zikr etilmish noaniq va mavhum hayotni faqatgina murakkablashtirib (aslida soddalashtirib) tushunarli qilish mumkin. Ayni zamonda tobora ilgarilab borayotgan trendlarning harakatiga hissa qoʻshadigan har qanday intilish, harakat, yangilik, energiya sarfi, mashgʻulot, fikr yuritish – foydalidan koʻra ziyon keltirishga xos. Shu bois regressiv harakatlanish maqsadga muvofiq. Hatto diniy fikr yuritishda ham shunisi avlo yoʻl. An'anaviy emas, balki inkor etuvchi boʻlmoq foydalidir. Shu vajdan jamiyatga ergashmang. Bu adolatsizlik tomon odimlash degani emas. Bu inkor falsafaning negizi, dinning maqsadi, hayotning prinsipi boʻladi. Inkorchi boʻlsangiz, baraka topasiz.

2 months, 4 weeks ago

Mashhurlik ustuvorlik kasb etadigan, mashhurmaslik esa hazar qilinadigan davrda yashayapmiz. Tabiiyki, bu jamiyatda adolatsiz raqobatni keltirib chiqaryapti. Biroq bu faqat tanilish, mavqe orttirish yoʻlidagi raqobat xolos.

3 months ago

Agar baxtli ekanligingizning sabablarini sanashga majbur bo‘lsangiz, demak siz baxtli emassiz. Baxt – bu qandaydir sanaladigan ro‘yxat emas, balki ma’naviy holatdir.

(C)

3 months ago

Bilish emas, bilishga boʻlgan yoʻlning ayni oʻzi, ya'nikim bu yoʻlda his etiladigan zavq, tashnalik, ochlik, soʻnmas ishtiyoq, favqulodda kuchli qiziqishning zohir boʻlishi, kuchli qoniqish epkinlarining esishi eng muhim narsa. Bu nima degani? Odamzodni biror narsani bilishning oʻzigina uni oʻzgacha, favqulodda daho shaxsga aylantirib qoʻymaydi. Bilish shunchaki tashqaridan qabul qilingan narsaning ongda koʻpincha anglovsiz ravishda iz qoldirishidir. Bilasiz, lekin biladigan narsangizni his etmaysiz, uning mavjudligini butun borligʻingiz bilan idrok etmaydiz, tuygʻular ila vujudingizda sezmaysiz. Bu xuddi siz uchun eng yaqin boʻlgan bir odamning hayotingizda borligini bilib turib, u haqida barcha tafsilotlardan voqif boʻlib turib, unga qiziqmaslik, unga intilmaslik, uni vujud-la his etishga tashna boʻlmaslikka oʻxshaydi.

Ayni nuqtaga koʻra bolalik davri inson orzu etishi mumkin boʻlgan eng yuksak, eng pok, eng intellektual, eng charogʻon va nurli, eng shodumon davrdir. Chunki unda insonda samimiylik atalmish xislatgina yashaydi. U nimanidir anglaganlik holatiga qiziqmaydi, balki oʻsha anglash jarayonining ayni oʻzi u uchun eng qiziqarli mashgʻulot. U koʻrgan narsasini butun borligʻi bilan idrok etishga, his qilishga intiladi. Bisotida borini berib boʻlsa-da unga yetishish yoʻlini qiladi. Va bu harakatlarning bari chin maʼnoda toʻlaligicha samimiyatdan kelib chiqadi. Biz kattalarga emas, bolalarga intilishimiz kerak. Kattalardan koʻra bolalardan koʻproq narsa oʻrganishga ehtiyojimiz mavjud.

3 months, 1 week ago

Nutqning sukutdan afzalligi haqida

Men sukutni nutqdan afzal deb topmaganman. Qiyosiy mulohaza buni tasdiqlaydi, chunki siz sukutni nutq bilan tasvirlaysiz, ammo nutqni so‘zsizlik bilan tasvir eta olmaysiz. Agar sukut ustun bo‘lganda, jim turish maqbulroq bo‘lgandaydi, insonlarning boshqa mavjudotlardan ustunligini bilishning sira iloji bo‘lmasdi. Shuningdek, ularni boshqa tirik mavjudotlar yoxud har qanday boshqa turdagi yaratiqlardan (ularning asosiy mohiyati va turli tabiati, oʻziga xos holatlari va jismoniy sinflari, ularning muhim o‘xshashligi va xilma-xilligi nuqtayi nazaridan) ajratib bo‘lmasdi.

Darhaqiqat, odamlar va o‘rnatilgan butlar hamda o‘yilgan tasvirlar o‘rtasidagi farqni aniqlash mumkin bo‘lmay qolardi. O‘tirish va turish, harakat qilish va tinch turish yoki yerga mahkamlanish kabi har qanday harakat, sukut keltirib chiqaradigan ta’sir tufayli, bir xil ontologik holatda va o‘xshash toifada, amalda jonsiz bo‘lib, mutlaqo baayni bo‘lib qolar edi. Biroq, insonlar va haykallar nutq keltirib chiqaradigan ta’sir tufayli mantiqiy nutq vositasida farqlanadi.

(C) Al-Johiz, mutafakkir, olim va faylasuf, Islomning oltin davrida yashab, ijod qilgan.

Bundan xulosa shuki, gapirish, yozish kerak, ichidagilarni muntazam ravishda kimgadir ifodalashga urinish yoki qogʻozga jo etish lozim.

3 months, 1 week ago

Jamiyatni davrlar boʻylab kuzatish qiziq. Ya'ni u oʻzining shakl-u shamoyilini yillab osha oʻzgartirib turadi. Hech narsa muqim qololmagani singari, odamlardan tashkil topmish jamiyatlar ham turli voqea-hodisalar asnosida oʻzgarib, evrilib, turfaxillashib boradi. Uning bunday turli yoqlarga qarab harakatlanishida asosan katta masshtabli siyosiy voqeliklar, odamlarga favqulodda taʼsir oʻtkazadigan daho insonlar, kuchli siyosatchi va notiqlar yoki salmoqdor yozuvchi va shoirlar asosiy hissadorlar sanaladi.

Biz amerikaliklar, umuman gʻarbliklarni bosiq, oʻzini bosa bilgan, kamtar xalqlar, millatlar deymiz, aksarimiz. Biroq ularning mana shunday biz uchun ohanjama va jimjimador boʻlib koʻrinadigan shakl-u xo'yni orttirishlariga nimalar sabab boʻlgani xususida koʻp ham oʻylab koʻrmaymiz. Gap shundaki, qay bir mamlakat-mintaqada uzoq vaqt davomida tinchlik hukm surib kelsa uning ahli, xalqi dunyoqarashi, tafakkuri va feʼl-atvorida juda keskin oʻzgarishlar yuz beradi. Odamlar ogʻir bosiq, har narsadan ham chuqur ta'sirlanavermaydigan, turli eʼtiqodlarga anchagina tanqidiy nigoh bilan qaraydigan, dunyodagi oʻzgarishlarga juda bepisand yondashadigan, biroq ayni paytda juda mayda narsalardan ham xushnud va mamnun boʻlaveradigan, oʻziga xos yengil-yelpi hayotni kasb etgan, har kim har turli ermaklarga koʻnikkan, bir birining bu ishlariga hurmat bilan yondashadigan, bolalarcha begʻubor, shu bilan birga toqatli xarakter sohibiga aylanishadi. Bu holda tashqaridan qaragan kishiga ular nihoyatda samimiy va kamtar, odmi va salmoqdor boʻlib koʻrinadi.

Oʻzbeklar ham yaqin 10-15 yillar ichida hozirgi temp va sur'atlarda yillar osha hayotini odimlab boraversa, ularning zamonaviy gʻarb kishisidan deyarli farqi qolmaydi. Har narsaning ham nihoyasi boʻlganidek, jamiyatlar har nechadir oʻn yillikda shaxsiyati, xatti-harakatlarini yangilab turadi. Dindorlik shakllari yangilanadi, qiziqishlar yangilanadi, yangicha mashgʻulot va hobbilar paydo boʻladi, jamiyatning umumiy holatiga koʻra u yo fasodga keskin berilib ketadi yoxud nihoyatda nigilist va oʻzi bilan oʻzi andarmon jamiyatga aylanib qoladi. Buni bugungi Janubi Sharqiy Osiyo mamlakatlari hayotida kuzatish mumkin.

Urush va mojarolar ahyon-ahyonda yuz berib turadigan notinch mintaqalar esa xarakterda tinchlik hukm suradigan diyorlar aholisidan shu vajdan tubdan farq qiladi. Odatda irqchilik mana shunday xarakter farqlanishi natijasida paydo boʻladi. Bu pirovardida keng miqyosli konfliktlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Siz bugun vaqtingizni boshqa narsaga, ertaga farzandingiz tamoman boshqa narsaga sarflashi mumkin. Siz bugun kitoblarni boshqa maqsadda, u ertaga tamom oʻzga maqsadda oʻqishi mumkin. Hatto qilinadigan duolar soʻzlari ham farqlilashib borishi mumkin. Garchi dinning zohiriy shakllari oʻzgarmasa-da, din haqidagi tushunchalar ancha oʻzgarishga uchrab boradi.

Odamlarning kitob oʻqishga yoki qandaydir media mahsulotlariga talpinishi esa davrlar orasidagi farqlilikdan lazzatlanish, shu bilan birga oʻzining zerikarli davri tashvishlaridan tin olish, bir xillikni bartarat etish, hayotga rang-ro'y qoʻshishdir. Odamlar orasidagi bunday zerikishdan ustamonlik ila foydalana olganlar mashhurlikka erishadi. Shu bilan birga davriy muammolarni koʻra bilib, jamiyatni goʻyoki uygʻoqlikka chaqiruvchilar chinakam qahramonlarga aylanishadi.

3 months, 1 week ago

Men sizga qanday yashash va o‘zingizni qanday baxtli qilishni o‘rgatadigan kitoblardan jirkanaman. Faylasuflarning bu borada sizga aytadigan hech qanday yaxshi xabari yo‘q. Mening nazdimda, falsafaning eng birinchi vazifasi sizga qanchalik tuban botqoqlikka botib ketganingizni tushuntirishdir!

(C) Slavoj Žižek

3 months, 2 weeks ago

"O‘layotgan sivilizatsiyaning belgilaridan biri shuki, uning tili muloqotga to‘sqinlik qiladigan alohida lahjalarga bo‘linib ketadi. O‘sib borayotgan, sog‘lom sivilizatsiya esa jamiyat mexanizmlarini harakatda ushlab turish uchun tildan kundalik vosita oʻlaroq foydalanadi. Mas’uliyatli, savodli ziyolilarning vazifasi ana shu muloqotga ko‘maklashish va uni qo‘llab-quvvatlashdan iborat."

Jon Ralston Saul

3 months, 2 weeks ago

Koʻp fikr yuritish sizni moddiylik girdobidagi oʻrtamiyonalikdan ideallik deya hisoblanadigan sarhadlarga olib chiqadi. Yozish esa shuni tom maʼnoda namoyish etish, yuksaklar sari sayohatingizni boshqalarga anglatmoq demak. Shu vajdan har qanday ruhiy holat, har qanday idrok, har qanday taʼsirlanish soyasidagi inson oʻzini tashqi olamga bildirishi uchun yozmog'i kerak. Ta'sirlandingizmi, hayajonlangingizmi, nimadandir norizomisiz, adolatsizliklarga chiday olmayapsizmi, tevaragingizda nedirlar xatodek koʻrinyaptimi, kimlargadir samimiy muhabbatingiz bormi, u holda faqat va faqat yozing. Shundagina bu hayotning mexanik, bir xil, shaffof, material olamidan oʻzingizning "oʻzga" olamingizga koʻchib o'ta olursiz. Oʻzgacha boʻlish oson emas. Ammo biz hayotimizni mana shu oʻzgalik ustida quramiz. Ularga intilib, talpinib yashaymiz, garchi buni koʻp hollarda anglamasak-da. Bunday nodir xislatlar kamyob insonlarga nasib etishi bor gap.

German idealizmi qanday paydo boʻlgan edi? Gʻarb jamiyatlaridagi keskin evrilishlar oʻziga toʻq, doim fikr yuritishga intilib yashaydigan kam sonli elita farzandlarini kuchli iztirobga oʻxshash, salbiy tugʻyonlar ogʻushida qoldirdi. Ular jarayonlarning bunday kechmishidan norizo edimilar balki. Hamisha boʻlib turadigan oʻzaro munoqashalar, muhokamalar, fikr almashishlar dastlab oddiy bir fikrning kollektiv tafakkur oʻzgarishi boʻsagʻasiga keltirib qoʻydiki, bundan yuqori va oʻrta qatlam pirovardida ta'sirlanmay qolmadi.

19-asr boshlaridan Angliyada oʻsha paytlarda tasavvur etish imkonsiz boʻlgan siljishlar boʻy koʻrsatgan. Mamlakat shu darajada boyib ketganki, katta miqdordagi pullarni dunyoning har yerlarini egallash, oʻzlashtirishga tikib yuboraverishgan. Ayni paytda aholining 40-50 foiz keskin qashshoqlik domida hayot kechirgan. Yuqori qatlamning bu holat bilan ishi yoʻq edi. Faqat fikr yurituvchi oʻziga toʻq qatlamgina adolat uchun kurash olib bordi. Kitoblar yozdi, oʻziga xos muhtasham adabiyotlar bitdi. Bugun biz oʻsha davrni shu asarlar orqali tasavvur etamiz.

Bugun biz qudratning timsoli sifatida Gʻarbni, aniqrogʻi, Amerikani tasavvur etamiz. Boshqa tarafdan axloqiy inqiroz deganda ham oʻsha taraflarni koʻz oldimizga keltiramiz. Aslida birinchisi ikkinchisining tamali evaziga mavjudligini tushunmaymiz. AQSHda aholining taxminan 40 foizida shaxsiy passport yoʻq. 7 million aholi oʻqishni mutlaqo bilmaydi. Yana 30 million kishi oddiy jumlani oʻqiy olmaydi. Taxminan 50 millioni esa toʻrtinchi sinf darajasida oʻqiy oladi. Oʻrta maktab bitiruvchilarilarining uchdan bir qismi umrining oxirigacha biror dona kitob ochib koʻrmaydi. 2007-yilda aholining 80 foizi kitob sotib olmagan yoki oʻqimagan. Biz zoʻr deb biladigan Kanadada ahvol bundanam beshbattar.

Nahotki atigi bir-ikki asrlar oʻzidan dunyoni hayratga solgan buyuklarni chiqargan yurtlarning ahvoli bugun shunchalar xarob boʻlsa? Ular fikr yuritmaydimi? Axir intellektuallarning katta qismi, eng buyuk mutafakkirlar, olimlar ushbu diyorlarda yashamaydimi? Javob shuki, jamiyatlar moddiyatga oʻtirib boʻldi. Qaramlik chandon ortib bormoqdaki, globalizm natijasida trend bugun bizga ham shiddat bilan hujum qilmoqda.

Shunchaki kitob oʻqishga targʻib, sifatga emas, songa eʼtibor yechim emas. Aholini qandaydir islohotlar bilan fikr yuritadigan ham qilib boʻlmaydi. Eʼtibor, qaygʻurish, doimiy sergaklik va e'lov jamiyatimizni bunday tubanlikdan asray olishi mumkin. Moddiyat marafonida atrofga qiyo boqmasdan toʻxtovsiz yugurish esa oqibat bizni tubsiz jarlik yoqasiga olib kelsa ajab emas.

Boylarga havas qilmang. Ularning havas qilarli jihati, agar insoniyligi boshqalarga koʻrinmasa, yoʻq. Kitob oʻqish boʻyicha musobaqalashmang. Har qanday oʻrinda oʻziga samimiy boʻla olgan insongina yutadi. Oʻzi uchun yutadi, ehtimol, moddiyan, taʼsir jihatidan yutqazishi mumkin boʻlsa-da. Fikr yuritish esa oʻziga samimiylikning kalitidir.

3 months, 2 weeks ago

Bilganga bilmagan intiladi. Bilganga bilgan intilmaydi. Bilmaydiganga hech kim intilmaydi. Koʻproq bilganga kamroq bilgan intiladi. Kamroq bilganga esa yana ham kamroq bilgan. Demak ba'zilarga intilmasligimiz ularni yoqtirmasligimizdan emas, balki bilganini biz ham bilganimizdan.

Johil hammaga intiladi, bilganga ham, bilmaganga ham, chunki u bilish, bilmasligini va hatto bilmagan taqdirda bilishi mumkinligini ham bilmaydi. Takabbur boshqalar unga intilishini istaydi, boisi u hammadan koʻp bilaman deb oʻylaydi. Ozroq bilgan inson takabbur boʻlsa urdi Xudo. Johillar bilganga emas, balki unga intiladi, va axiyri u kabi takabbur boʻlib yetishadi. Takabburlikni ilm deb sifatlash urchigan yerda bilmagan bilan bilgan oʻrtasidagi chegara erib ketadi.

We recommend to visit

@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !

? Reklama xizmati: @Inline_reklama

? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot

Last updated 5 months, 2 weeks ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 9 months ago

Ayollarimiz uchun ochilgan "AYOLLAR - kanali" ga xush kelibsiz!

Murojaat uchun - @Ayollar_ads

Last updated 1 year, 9 months ago