Shayboniylar shajarasi

Description
Shayboniylar sulolasi a'zolari haqida so'zlaymiz !
We recommend to visit

Воқеа ва ҳодисага гувоҳ бўлдингизми ?
бизга юборинг ? @Sunnatik_Uz

Everyday Interesting, Videos and Photos!

Реклама: +998999090909 @KDREKLAMA

?643092-сонли гувоҳнома асосида фаолият юритамиз

Last updated 1 month, 4 weeks ago

@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !

? Reklama xizmati: @Inline_reklama

? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot

Last updated 3 months, 3 weeks ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 7 months ago

1 month ago

“O‘zbeklar minoralarga chiqib, shaharga kirishdi. Muqaddas masjidga yig‘ilgan ustojlu qabilasi qozilari va boshqa odamlar muqaddas maqbara panjaralarini o‘z panohiga aylantirib, jangga kirishdilar. Hamma sayyidlar, ulamolar, ustozlar, Mashhad hokimi, solihlar masjidda to‘planib, namoz o‘qishga kirishdilar. Biroq jangchilarning sa’y-harakatlari, mazlumlarning duosi falokatning oldini olmadi. O‘zbeklar uni har tomondan o‘rab oldilar, ikki tomondan paykonlar va miltiqlar o'qi ucha boshladi. Abdulmo‘minxon va “Yetim Sulton” nomi bilan mashhur bo‘lgan Din Muhammad Sulton (p/m: ashtarxoniy Boqi Muhammadning akasi) bir guruh mashhur jangchilar bilan shaharga kirib, masjid maydonini to‘ldirdi. Qizilbosh faxriylari ko‘ksini musibatlarga qalqon qilib, kosalaridan birin-ketin shahidlik sharbatini ichib, shirin hayotlarini berib, mardonavor kurashdilar. Qonli qilich zarbalari tufayli muxoliflarning jasadlari muqaddas masjid maydonida to‘planib qolgan edi. Ummatxon va qurollanib jangga kirgan barcha yigitlar o‘zbeklar qo‘lidan qutula olmay halok bo‘ldilar. O‘zbeklar jangchilarni o‘ldirgandan so‘ng o‘z e’tiborini solihlarga, olimlarga, sayyidlarga qaratdilar. Abdulmo‘minxon Ibn Ziyoddek ish tutdi, uning g‘azab olovini shia sayyidlari va ulamolarining qonidan boshqa hech narsa so‘ndirmadi. Zolim o‘zbek qo‘shinlari muqaddas shaharga kirib, mazlumlarni birin-ketin himoya maskani hisoblangan masjid tashqarisiga olib chiqib, hammani shahidlik sari yetaklab, o’lim sharbat ichirdilar. Rost gapirganlardan eshitdimki, muqaddas Mashhad shahrida Muhammad payg‘ambarning sayyidlaridan bo‘lib, tinchlik, taqvo va ibodatning oliy darajasiga erishgan Mirbalo Sarka nomi bilan mashhur bo‘lgan Mir Muhammad Husayn maqbarada o‘z odatiga ko‘ra namoz, toat va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul edi. Xudo yaratgan o‘zbeklardan biri to‘satdan uning belbog’ini tortib oldi, boshqasi qilichini sug‘urib, uning qo‘lini kesib tashladi va tashqariga sudrab olib chiqib, parcha-parcha qilib tashladi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha qayg‘uli kun Ashuroning ikkinchi kuni bo‘lib, masjidi muborak maydoni Karbalo sahrosiga ibrat bo‘ldi. Muqaddas maydonda o'ldirilganlarning qoni suv kabi oqdi va bu odamlarning hayot kemalari halokat dengizida cho'kib ketdi. Ularning boshi yopilgan, iffat xonalarida yashiringan ayollari ham tez orada o‘zbeklarga qul bo‘ldilar. Muqaddas ziyoratgohdagi son-sanoqsiz oltin va kumush chiroqlar, gilamlar, tovoqlar, chinni idishlar, butun islom davlatlaridan (aqso) uzoq yillar davomida to‘plangan kitoblar, Qur’on nusxalari, hamda boshqa son-sanoqsiz ilmiy va fors tilidagi kitoblar harom va johil o‘zbeklar qo‘liga o‘tdi. Ular o'sha qimmatbaho toshlarni bir-birlariga mayda sopol idishlar kabi arzon narxlarda sotishdi. Xalq tarqalib ketganidan uch-to‘rt kun o‘tgach, o‘zbeklar qolganlarga tinchlik beradilar va o‘zbek jangchilariga o‘ldirish, talon-taroj qilish, birovni asirga olish taqiqlanadi. Asirga olingan ayollar va qizlarning koʻpini Movarounnahrga olib borib, oʻzlariga qul qilib oldilar. Abdulmo‘minxon Mashhaddan chiqib ketayotib, bir paytlar Tahmosp tomonidan muborak gumbaz ustiga qo‘yilgan tilla qoplamani ham talon-taroj qiladi".

“Tarixi olam oroyi Abbosiy” asariga ko’ra Abdulmo’minxonning Mashhad shahrini egallashi. 1589-yil.

@shayboniylarshajarasi

1 month, 1 week ago
1 month, 1 week ago

Buxoro tazkirashunoslik maktabi davomchisi Hasanxo’ja Nisoriy birgina Ubaydullaxon va Abdulazizxon zamonida mamlakatda 250 dan ortiq shoir, olim, ilm darg’alari yashab o’tgani haqida ma’lumot bergan ekan. Umuman olganda, shayboniylar davri ilm-ma’rifati haqida gap ketganida 1947-yili Toshkentda nashr qilingan “История народов Узбекистана. Т. II. От образования государства Шейбанидов до Великой октябрьской социалистической революции*” asaridagi quyidagi fikrlarni ham aytib o’tish lozim:

“Yevropa adabiyotida ancha vaqt davomida temuriylardan keyin O’rta Osiyoda ilm-ma’rifatda pasayish bo’lgani va Shayboniylardan keyin ilm-marifat muzlab qolgani haqida fikrlar uchrardi. Lekin, bu fikrlarni to’g’ri deb qabul qilish kerak emas. Ko’p olimlar temuriylardan so’ng shayboniylar xizmatiga kirishgan. Shayboniyxon faqatgina ilmli va o’qimishli odam bo’libgina qolmay, o’sha davr temuriylar madaniyatiga teng darajada turgan kishi edi. U o’zi bilan kichik kutubxonasini, shoir va ulamolarni olib yurardi va muhim pallalarda ular bilan maslahat qilardi. U va uning barcha avlodlari ziyoli hamda o’qimishli kishilar bo’lishgan ”.

Madaniy hayotdagi katta o’sish, XVI asrning 2-yarmidagi Abdullaxon davriga to’g’ri keladi. Uning davridagi fozillardan bo'lgan Mushfiqiyning obro’si xalq ichida ham katta bo’lgan. Shayboniylar zamonida ayniqsa tarjimashunoslik anchagina o’sadi. Madaniy hayotda o’zbek tilining roli asosiy o’rin tuta boshlaydi. Ayrim adiblar, xususan Majlisiy va Abdulvahobxo’ja o’zbek tilida asarlar yozishgan. Umuman, o'tgan yuz yillik davrda o'zbek xonlari saroyida Binoiy, Shodiy, Isfahoniy, Xoja, Mutribiy, Vosifiy, Nisoriy kabi taniqli shoirlar va muarrixlar ijod qilishgan.*

@shayboniylarshajarasi

3 months, 4 weeks ago

*Abulxayrxon (1414-1468) ning kattagina oilasi bo’lib, uning 11 o’g’li 6 nafar xotinidan tug’ilgan. Bu ayollar burqut, mang’it, qo’ng’irot qavmidan bo’lib, shuningdek Robiya binti Ulug’bek mirzo ham xon harami vakilasi bo’lgan. Xonning eng yosh farzandlari kanizaklardan tug’ilishgan. Abulxayrxonning necha nafar qizi bo’lgani noaniq. Manbalarda Ulug’bek mirzo va Abu Said mirzoning haramida xonning Xonzoda ismli qizi zikr qilingan. Ulug’bekdan keyin u Abu Saidning nikohiga kirgan bo’lsa kerak. Shuningdek Abulxayrxonda yana bir qizi bo’lib, uni sayyidlarga uzatgani haqida taxmin bor.

“Abdullanoma”da xonning o’g’illari quyidagicha sanaladi: “Birinchisi Shoh Budog’ sulton, ikkinchisi Xoja Muhammad sulton. Ularning onalari burqut qavmidan. Uchinchisi Ahmad sulton, to’rtinchisi Muhammad sulton [“Bahr ul asror” va “Tavorixi guzida” asarida Muhammad avval, Ahmad keyin kelgan]. Ularning onalari mang’it qavmidan. Beshinchisi Shayx Haydarxon, oltinchisi Sanjar sulton, yettinchisi Ibrohim sulton. Ularning onalari qo’ng’irot qavmidan. Sakkizinchisi Ko’chkunchi, to’qqizinchisi Suyunchxo’ja. Ularning onalari buyuk podshoh Ulug’bek ko’ragonning qizi. O’ninchisi Oq Buruq, o’n birinchisi Said Bobo. Bular kanizakdan bo’lganlar”[Abdullanoma, 55-bet].

Shoh Budog’ sulton – xonning bosh farzandi edi. Tug’ilgan va o’lgan sanalari noaniq. Faqat Oq Qo’zi begimdan Muhammad Shaybon va Mahmud sulton ismli farzandlar ko’rgani ma’lum. Uning bir qizi ham bo’lgani ehtimol qilinadi. Chunki, Mahmud sulton mang’it Imnoq mirzoning qiziga, o’z jiyaniga uylangani yozilgan. Shoh Budoqning qizi aynan Imnoq mirzoga turmushga berilgan bo’lishi kerak. Deyarli barcha manbalarda Shoh Budoq sulton ayni gullagan chog’lari vafot etgani yozilgan.

Xo’ja Muhammad – xonning 2- o’g’li bo’lib, tug’ilgan yili noaniq. Ikki o’g’li bo’lgan: Bo’boy va Jonibek. Haramida ayollari ko’p bo’lgan. Xoja Muhammad XV asr 70-yillarida Berka sultonning bevasi Maloy Xonzoda ismli ayolni o’z nikohiga olgan. Bu sulton haqida boshqa muhim faktlar mavjud emas.

Ahmad sulton – Abulxayrxonning 3-o’g’li bo’lib, u haqida deyarli ma’lumot mavjud emas. Qozoq tadqiqotchisi J.Sabitov bu sultonni 1458-yili qalmoqlar bilan jangda halok bo’lgan Ahmad sulton ismli shaxs bilan bir odam deb hisoblaydi. Ahmad sultondan avlod qolmagan.

Muhammad sulton - Abulxayrxonning 4-o’g’li bo’lib, u haqida deyarli ma’lumot mavjud emas. Sultondan avlod qolmagan.

Shayx Haydar sulton – Abulxayrning suyukli 5-farzandi. Tug’ilgan yili noaniq. Taxminan 1469/1470 yilda halok bo’lgan. Undan Xush Haydar va Joni Haydar ismli o’g’il qolgan.

Shayx Sanjar sulton – Xonning 6-farzandi. Hayoti haqida ma’lumot uchramadi. Uning Ahmadshayx (yoki Ahmad sulton) va Mahmudshayx nomli 2 o’g’li bo’lgan. Ahmad sulton Shayboniyxonga kuyov bo’lib, Samarqand va Xurosonda voliy bo’lgan. Sanjarning o’g’illaridan ham bir necha avlodlar qolgan.

Shayx Ibrohim sulton – Abulxayrxonning 7-o’g’li. Hayoti haqida ma’lumot yo’q va voris qolmagan. Faqatgina bir qizi bo’lib, Mahmud ibn Shoh Budoqqa berilgan.

Ko’chkunchi sulton – xonning 1452-yil Robiyabegimdan tug’ilgan farzandi edi. Ko’chkunchi 1529/30 –yili, 77-78 yoshida dunyodan o’tgan. Uning harami haqida ma’lumot uchramaydi. Faqatginai 3 farzandi bo’lgani ma’lum. Samarqandda dafn qilingan.

Suyunchixo’ja sulton - 1454-yili Robiyabegimdan tug’ilgan edi. Suyunchixo’ja 70-yillarda Muso mang’itning qiziga uylangan. Boshqa ayollari haqida ma’lumot yo’q. Uning Qutlug’ xonim ismli qizi Ubaydullaxonga va yana bir qizi Sultong’oziy ibn Elbarsxonga unashtirilgan. Suyunchixonning 2 o’g’li bo’lgan. Sulton 1525-yili, 71 yoshida Toshkentda dafn qilingan.

Oq Buruq sulton – ba’zi manbalarda Oq Yuruq sulton deb yozilgan Abulxayrxonning 10-o’g’li. Hayoti haqida ma’lumot mavjud emas. Avlod qoldirmagan.

Sayyid Bobo sulton – Abulxayrxonning kenja farzandi. Tug’ilgan va o’lgan yillari noaniq.Uning birgina Sayyid Muhammad ismli o’g’li bo’lgan. Sayyid Muhammaddan Muhammad Sayyid ismli o’g’lon qolgan. Sayyid Muhammad Shayboniyxon zamonida Termiz hokimi bo’lgan.*@shayboniylarshajarasi

4 months ago

Abdullaxonning 1598-yil boshida vafot etishidan keyin boshlangan turli siyosiy voqealar ko’plab shayboniy sultonlarning erta dunyodan o’tishi bilan yakunlanadi. E’tibor bersangiz, qisqa davr (1598-1602) ichida ana shu o’limlar sabab kattagina bir xonadon qulaganini darhol anglaysiz:
1. O’zbek sulton (1598)
2. Abdulquddus sulton (1598)
3. Hazora sulton (1598)
4. Pir Muhammad sulton (1598)
5. Rustam sulton (1598)
6. Bahrom sulton (1598)
7. Poyanda Muhammad (1598)
8. Fo’lod sulton (1598)
9. Yor Muhammad (1598)
10. Abdulmo’min (1598)
11. Sayyid Muhammad sulton (1598)
12. Muhammad Quli (1598)
13. ? ibn Poyanda Muhammad (1598)
14. Muhammad Sharif (1599)
15. Pir Muhammad sulton (1599)
16. Abdulamin sulton (1600)
17. Muhammad Ibrohim (1602
)

1602-yilga kelib shayboniylar sulolasi a’zolari ichida Toshkentda Keldi Muhammad ibn Abdulsattor, Xurosonda Pir Muhammad II ning avlodlari (2-3 kishi) va Sayyid Muhammadning Jahongir (1589-1607) ismli farzandlari tirik edi xolos.

@shayboniylarshajarasi

4 months ago

She’riy qobiliyatga ega bo’lgan shayboniy sultonlar va ularning bizga ma’lum taxalluslari:
1.Muhammad Shaybon – Shayboniy, Shaboniy, Shohbaxt
2.Ubaydulloxon – Ubaydiy,
3.Abdulaziz sulton – Aziziy
4.Abdullaxon II - Xon
5.Rustam sulton – Rustam
6.Sulton Said – Ko’hkan
7.Sayyid Muhammad ibn Kepak sulton – Kiromiy
8.Abdol sulton – Xush, Abdol
9.Navro’z Ahmadxon – Navro’ziy
10.Abulxayr sulton – Ishqiy
11.Abdulquddus sulton – Do’stum

She’r yozgan, ammo taxallusi bizga ma’lum bo’lmagan sultonlar:

12.Abdulatifxon – ?
13.Do’st Muhammad ibn Baroqxon - ?
14.Bahodir sulton ibn Sulton Said – ?
15.Muzaffar ibn Javonmard sulton – ?
16.Fo’lod ibn Abdulquddus sulton –?
17.Muhammad Hoshim Hisoriy sulton – ?
18.Javonmard Ali sulton - ?
19.Abdulmo’min sulton - ?

Bu mavzuda qo’shimcha ma’lumotga ega bo’lsangiz, kommentariyaga yozishingiz mumkun ?.

@shayboniylarshajarasi

6 months, 3 weeks ago

*Soʻnggi shayboniy sultonlar kimlar edi?

Abdullaxon, Abdulmo'minxon va Pir Muhammadxonlarning birin ketin dunyodan oʻtishi qudratli Buxoro saltanatida hukm surgan shaybon xonadoniga zarba beradi. Koʻplab sultonlar mollari va jonlaridan judo boʻlishadi. Xoʻsh, Pir Muhammadxon davri va Boqi Muhammadning taxtga chiqishi zamonida shayboniylarning koʻzga koʻringan soʻnggi vakillari kimlar edi?

Hazora sulton – O’zbek sulton ibn Rustamning katta o’g’li bo’lib, 1598-yili Tavakkal qozoq tomonidan Toshkentda xoinlarcha o’ldirilgan. Hazora sulton Tavakkal qozoq bilan Movarounnahrni bo’lib boshqarishga kelishgan edi.

Pir Muhammad sulton - O’zbek sulton ibn Rustamning kichik o’g’li bo’lib, 1598-yili Tavakkal qozoq tomonidan Toshkentda xoinlarcha o’ldirilgan.

Muhammadquli sulton – Jonibek sulton avlodidan, Mahmud ibn Sulaymonning o’g’li edi. Tavakkal qozoq hujumi payti (1598-yil) Yusufxo’ja sayyid atoyi shahzodaga xiyonat qilib uni qozoq xoni jallodiga topshiradi.

? (ismi noma’lum) sulton – Abdullaxonning jiyani Poyanda Muhammaddan qolgan shahzoda bo’lib, Samarqandda Abduvosebiy himoyasiga kiradi va amir uni 1598-yili qozoq xoni jallodlari qo’liga beradi.

Muhammad Ibrohim sulton – Shayboniyxonning amakisi Xo’ja Muhammad naslidan. 1598-yili shahzoda shoh Abbos qo’liga tushib qoladi va shoh undan qo’g’irchoq xon sifatida foydalanib, Balxga podshoh qiladi. Muhammad Ibrohim 1602-yili qandaydir kasallik yoki amirlari fitnasi sabab o’ldirilgan.

Keldi Muhammad sulton – Abdusattor ibn Bobo sultonning o’g’li. Boqi Muhammadxon zamoni boshlarida (1601/2) Andijonda bir guruh muxoliflar Keldi Muhammad va uning aka-ukalarini topib, Toshkentni egallashadi. Keldi Muhammad sultonning aka-ukalari haqida ma’lumotni izlab topa olmadim.

Muhammad Salim sulton –Pir Muhammadxon II ning o’g’li. U haqida otasi kabi shajarada batafsil to’xtalinmagan. Otasi o’ldirilgach, shoh Abbos ko’magida 1605/7 yillargacha Balx uchun omadsiz janglar qildi va Eronga qaytib ketdi.

Abdulloh sulton – Muhammad Salimning o’g’li. Otasi bilan birga 1605/7-yilgacha ashtarxoniylar hukmronligiga qarshi kurashgan va Eronga qochgan.

Ubaydulloh sulton – Muhammad Salimning o’g’li. Boshqa manbada u Pir Muhammadning katta o’g’li deyiladi. 1605/7-yildan keyin Eronga qaytgani ma’lum xolos.

Sayyid Muhammad sulton - Shayboniyxonning amakisi Xo’ja Muhammad naslidan bo’lib, Sevinch Muhammad sultonning inisi edi. Abdulmo’minxondan keyin taxtga da’vo qilgan, ammo qozoqlar bilan Uchqora jangida (1598-yil) halok bo’lgan.

Jahongir sulton – Sayyid Muhammadning o’g’li. Balx xoni Abdulamindan 1601-yili Shibirg’on viloyatini oladi. 1602-yili Balxni Boqi Muhammad olgach, Jahongir sulton shoh Abbos yordamida taxt uchun kurashadi va 1607-yili o’ldirildi.

Soxta sultonlar.

Abdulg’affor sulton – Bobo sultonning 1583-yil halok bo’lgan o’g’li. Ammo, Boqi Muhammad zamonida ba’zi muxoliflar unga o’xshash odam topib, Toshkent va vodiyni egallashadi. Ushbu soxta Abdulg’affor o’zlarini Boboxon avlodi sifatida ko’rsatib yurgan 17-18 tacha soxta sultonlarni qatl qiladi. Ammo, biroz vaqt o’tib, o’zi ham boshidan judo bo’ladi.

Shayxim sulton – Abu Saidxonning nevarasi bo’lib, 1578-yili vafot etgan. Ammo, Vali Muhammadxon zamonida (1606-1611) qoraqalpoq xalqi Shayxim sultonga o’xshaydigan bir soxta sultonni topib, o’zlariga bosh qilishadi. Bu soxta sulton ham ko’p o’tmay o’ldiriladi.

Abdulamin sulton –Ibodulloh sultondan tug’ilgan deb da’vo qilingan va 1598-yili Baxlda taxtga chiqqan shahzoda. Abdulamin 1-2 yillik hukmronlikdan keyin, Muhammad Ibrohim tomonidan qatl qilinadi.

Muhammad Sharif sulton – Yormuhammad ibn Abdulquddus ibn Iskandarxonning farzandi deb ovoza qilingan soxta shahzoda. Pir Muhammadxon ashtarxoniylardan yengilgach, bu bolani ham qatl qilishadi.*@shayboniylarshajarasi

6 months, 3 weeks ago

Ichki va tashqi kurashlarda halok bo’lgan temuriylar. Ushbu ro’yxatda Temurning erta halok bo’lgan 2 o’g’li va ularning 39 nafar avlodlari yozilgan. Manbalarda ma’lumot yo’qligi sabab o’nlab shahzodalar taqdiri haqida faktlarga ega emasmiz.
*Umarshayx mirzo – Amir Temurning o’g’li. Neratu qal’asida halok bo’lgan. Uning o’ldirilgan avlodlari:

  1. Pir Muhammad mirzo Sheroziy
  2. Iskandar mirzo
  3. Boyqaro mirzo
  4. Usmon Ali mirzo
  5. Sanjar mirzo Marviy
  6. Abdulboqi mirzo
  7. Abulmuhsin mirzo
  8. Muhammad Muhsin mirzo
  9. Faridun Husayn mirzo
  10. Muhammad Qosim mirzo
  11. Muhammad Mo’min mirzo
  12. Muhammad Zamon mirzo
  13. Suxrob ibn Abu Turob mirzo

Jahongir mirzo – Temurning kasalik sabab vafot etgan o’g’lining o’ldirilgan avlodlari:

  1. Pir Muhammad mirzo Kobuliy
  2. Muhammad Umar mirzo

Mironshoh mirzo – Amir Temurning o’g’li, 1408-yili o’ldirilgan. Mironshohning o’ldirilgan avlodlari:

  1. Usmon Jodi mirzo
  2. Minuchehr mirzo
  3. Abu Said mirzo
  4. Malik Muhammad mirzo
  5. Abu Bakr mirzo
  6. Sulton Mas’ud mirzo
  7. Sulton Ali mirzo
  8. Boysung’ur mirzo
  9. Ibrohim mirzo Badaxshoniy
  10. Muhammad Zamon mirzo
  11. Hasan (Husayn) mirzo
  12. Yodgori Nosir mirzo

Shoxrux mirzoning o’ldirilgan avlodlari:

  1. Ulug’bek mirzo
  2. Abdulatif mirzo
  3. Abdulaziz mirzo
  4. Abdurazzoq mirzo
  5. Ahmad mirzo
  6. Mahmud mirzo
  7. Abdullo mirzo
  8. Sulton Muhammad mirzo
  9. Shoh Mahmud mirzo
  10. Yodgor Muhammad mirzo
  11. Muhammad Qosim mirzo
  12. Abu Bakr mirzo*

@temuriylarshajarasi

6 months, 3 weeks ago

Shayboniyxonning Movarounnahr va Xurosonni egallash kompaniyasi (1499-1509) davomida va keyingi yillardagi urushlarda bir qator temuriylar halok bo’lishgan. Quyida ular bilan tanishing:

1.Sulton Ali mirzo - Sulton Mahmud mirzoning Samarqandni qisqa davr boshqargan farzandi bo’lib, 1500-yili Shayboniyxonga taslim bo’lishi oqibatida, uning o’g’li Temur sulton tomonidan qatl qilingan.

2.Sulton Mas’ud mirzo – Sulton Mahmud mirzoning yana bir o’g’li bo’lib, Xusravshoh nomli amir tomonidan ko’ziga mil tortilgan edi. Uning shayboniylar tomonidan qatl etilishi faqat “Boburnoma” asarida Bobur tomonidan qisqagina satrda mujmal tarzda yozilgan.

3.Abdulboqi mirzo – Temurning o’g’li Umarshayx mirzo avlodidan bo’lib, Saydi Ahmad mirzoning nevarasi hisoblangan. Bu shahzoda 1507-yili Nishopurda shayboniylar bilan jangda halok bo’lgan.

4.Abulmuhsin mirzo – Husayn Boyqaroning o’g’li. Shayboniylar qo’shiniga qarshi 1507-yilgi urushlarda halok bo’lgan.

5.Muhammad Muhsin mirzo – Husayn Boyqaroning o’g’li. Shayboniylar qo’shiniga qarshi 1507-yilgi urushlarda halok bo’lgan.

6.Faridun Husayn mirzo - Husayn Boyqaroning o’g’li. Shayboniylar qo’shiniga qarshi 1509-yilgi urushlarda halok bo’lgan.

7.Muhammad Qosim mirzo - Husayn Boyqaroning o’g’li. Shayboniylar qo’shiniga qarshi 1509-yili Mashhad jangida halok bo’lgan.

8.Sayyid Abdulloh mirzo - Husayn Boyqaroning akasi Boyqaro mirzoning Sayyid Xo’ja Mavlonoga uzatilgan qizidan nevarasi, Husayn Boyqaroga kuyov bo’lgan. Shayboniylar qo’shiniga qarshi 1507-yilgi urushlarda halok bo’lgan.

9.Abulqosim Ibrohim mirzo – Badaxshonda uzoq yillar podshohlik qilgan Sulaymon mirzo ibn Uvays ibn Sulton Mahmud mirzoning o’g’li edi. 1559-yili otasining Balx hukmdori Pir Muhammad o’zbekka qarshi urushida asir olinib, qatl qilingan edi.

Ushbu ma’lumotlar aniqlay olganlarimiz xolos !!! Qo'shimcha bo'lsa, fikr qoldiring.

@shayboniylarshajarasi

We recommend to visit

Воқеа ва ҳодисага гувоҳ бўлдингизми ?
бизга юборинг ? @Sunnatik_Uz

Everyday Interesting, Videos and Photos!

Реклама: +998999090909 @KDREKLAMA

?643092-сонли гувоҳнома асосида фаолият юритамиз

Last updated 1 month, 4 weeks ago

@Inlineuz - futbol bo'yicha yetakchi kanalga xush kelibsiz !

? Reklama xizmati: @Inline_reklama

? Murojaatlar uchun: @Inlineuz_bot

Last updated 3 months, 3 weeks ago

 «Eslating! Zero eslatma mo'minlarga manfaat yetkazur...»
(Zoriyot surasi 55-oyat)

©️ @AJK_GROUPUZ

Last updated 1 year, 7 months ago